Ushbu bo’limdagi maqolalar

"ASL BELGISI" tizimining axborot xizmatiga kirish bo‘yicha ommaviy oferta (shartnoma)

"ASL BELGISI" mahsulotlarni raqamli markirovkalash milliy axborot tizimining "Mahsulotlar aylanmasi ishtirokchisining shaxsiy kabineti" axborot xizmatidan foydalanish huquqini taqdim etish uchun

Ommaviy oferta (shartnoma) 

 O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri                                                                           2025-yil 30-iyun                                                                                                                             

"ASL BELGISI" mahsulotlarni markirovkalash va kuzatish milliy axborot tizimi (bundan keyin – "ASL BELGISI" MAT) operatori vazifasini bajaruvchi "CRPT TURON" mas’uliyati cheklangan jamiyati ("CRPT TURON" MChJ), bundan keyin Operator deb yuritiladi, Ustav asosida ish yurituvchi Bosh direktor Bachikalov Anatoliy Viktorovich nomidan, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 369-moddasiga muvofiq, raqamli identifikatsiya vositalari bilan majburiy markirovkalanishi lozim bo‘lgan mahsulotlar aylanmasi bo‘yicha faoliyat yurituvchi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga (bundan keyin – Mahsulotlar aylanmasi ishtirokchilari) ushbu Ommaviy ofertani qabul qilish orqali "ASL BELGISI" MATning "Mahsulotlar aylanmasi ishtirokchisining shaxsiy kabineti" axborot xizmatidan foydalanish huquqini taqdim etish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma (bundan keyin – Shartnoma) tuzishni taklif etadi.

Shartnoma tuzish maqsadida aksept deganda "ASL BELGISI" MATda ro‘yxatdan o‘tish jarayonini muvaffaqiyatli yakunlash (Ommaviy oferta matniga havola yonida maxsus belgi qo‘yish) va mahsulot aylanmasi ishtirokchisini "ASL BELGISI" MATga ulash uchun arizani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash tushuniladi.

Yuqoridagi bandga muvofiq amalga oshirilgan aksept, mahsulot aylanmasi ishtirokchisining Ommaviy ofertaning barcha shartlarini, shu jumladan Ommaviy ofertada ko‘rsatilgan va (yoki) havola qilingan Operator hujjatlarida bayon etilgan shartlarni to‘liq va so‘zsiz qabul qilganligini anglatadi.

Shartnoma tuzilgan joy O‘zbekiston Respublikasining Toshkent shahri hisoblanadi.

Mahsulot aylanmasi ishtirokchisi tomonidan Ommaviy ofertani aksept qilish orqali tuzilgan shartnoma, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 365-moddasiga muvofiq, Ommaviy oferta shartlari asosida yozma shaklda tuzilgan deb hisoblanadi va har ikkala tomon qog‘ozda imzolagan shartnoma bilan teng yuridik kuchga ega bo‘ladi.

Ommaviy oferta Operatorning Internet tarmog‘idagi veb-saytida joylashtirilgan paytdan boshlab kuchga kiradi va Operator tomonidan chaqirib olinguniga qadar amal qiladi.

Operator istalgan vaqtda o‘z xohishiga ko‘ra Ommaviy oferta shartlarini bir tomonlama tartibda o‘zgartirish yoki uni bekor qilish huquqiga ega. Operator tomonidan Ommaviy oferta shartlari o‘zgartirilgan taqdirda, agar bunday joylashtirish paytida Operator tomonidan boshqa muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, Ommaviy ofertaning yangi tahriri Operatorning Internet tarmog‘idagi veb-saytida joylashtirilgan kundan boshlab 5 (besh) kalendar kun o‘tgach kuchga kiradi.

1 .Atamalar va ta’riflar

1.1."ASL BELGISI" MAT – "ASL BELGISI" mahsulotlarni markirovkalash va kuzatib borish milliy axborot tizimi.

1.2. Operator – O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ro‘yxatdan o‘tgan va "ASL BELGISI" MATning operator vazifasini bajaruvchi "CRPT TURON" mas’uliyati cheklangan jamiyati.

1.3. Mahsulotlar aylanmasi ishtirokchisi – raqamli identifikatsiya vositalari bilan majburiy markirovkalanishi shart bo‘lgan mahsulotlar aylanmasi bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor.  

1.4. Foydalanuvchi – Ommaviy ofertani unda keltirilgan shartlarda qabul qilgan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor, shuningdek, mahsulotlar aylanmasi ishtirokchisining shaxsiy kabineti funksionali orqali "ASL BELGISI" MATga kirish huquqi berilgan jismoniy shaxslar.

1.5. Shaxsiy kabinet – "ASL BELGISI" MAT bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri (bevosita) o‘zaro aloqa qilish imkoniyatini beruvchi axborot xizmati bo‘lib, unga kirish Foydalanuvchining elektron raqamli imzosi yordamida amalga oshiriladi. Shaxsiy kabinet Foydalanuvchiga "ASL BELGISI" MAT bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri (bevosita) o‘zaro aloqa qilish imkoniyatini taqdim etadi.

2. Shartnoma predmeti

2.1. Shartnomaning predmeti mahsulot aylanmasi ishtirokchisiga Shaxsiy kabinetga va mahsulot aylanmasi ishtirokchisi hamda "ASL BELGISI" MAT o‘rtasidagi o‘zaro axborot almashinuvi xizmatlariga kirish huquqini berishdan iborat.

2.2. Shaxsiy kabinetga kirish huquqini berish "ASL BELGISI" MATning Shaxsiy kabineti va dasturiy ilovalarining (dasturiy o‘zaro ta’sir interfeyslarining) funksional imkoniyatlaridan ularning maqsadli vazifasiga muvofiq va belgilangan chegaralar (ruxsat etilgan so‘rovlar soni, shakllanadigan ma’lumotlar hajmi va hokazo) doirasida foydalanishning mutlaq bo‘lmagan, cheklangan va boshqalarga o‘tkazilmaydigan huquqini anglatadi.

2.3.Mahsulot aylanmasi ishtirokchisini "ASL BELGISI" MATda ro‘yxatdan o‘tkazish va unga Shaxsiy kabinetdan foydalanish imkoniyatini taqdim etish Operator tomonidan bepul amalga oshiriladi.

3.Tomonlarning huquq va majburiyatlari

3.1. Operator quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi:

3.1.1. "ASL BELGISI" MATning uzluksiz ishlashini ta’minlash, rejali reglament va texnologik ishlarni o‘tkazish davrlari, shuningdek "ASL BELGISI" MATning odatiy ishidagi uzilishlar va nosozliklarni bartaraf etish uchun rejadan tashqari tanaffuslar bundan mustasno.

Rejali reglament va texnologik ishlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi xabarnomalarni Operator Shaxsiy kabinetda va (yoki) o‘zining Internet tarmog‘idagi saytida mazkur ishlarni o‘tkazish boshlanishidan kamida 24 soat oldin joylashtiradi.

"ASL BELGISI" MATning odatiy ishidagi uzilishlar va nosozliklarni bartaraf etish uchun rejadan tashqari tanaffuslar to‘g‘risidagi xabarnomalarni Operator Shaxsiy kabinetda va (yoki) o‘zining Internet tarmog‘idagi saytida mazkur uzilishlar va nosozliklar aniqlanishi bilanoq joylashtiradi.

3.1.2. Mahsulotlar aylanmasi ishtirokchisining "ASL BELGISI" MATga ulanishini ta’minlash maqsadida uni "ASL BELGISI" MATda ro‘yxatdan o‘tkazish, Mahsulotlar aylanmasi ishtirokchisiga O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlari va ushbu Shartnomaga muvofiq "ASL BELGISI" MATning Shaxsiy kabineti hamda dasturiy ilovalaridan (dasturiy o‘zaro aloqa interfeyslaridan) foydalanish imkoniyatini berish.

3.1.3. Mahsulot aylanmasi ishtirokchisiga (mustaqil ravishda yoki uchinchi shaxslarni jalb etgan holda) Shaxsiy kabinet va (yoki) "ASL BELGISI" MATning funksional imkoniyatlariga oid masalalar bo‘yicha axborot va maslahat ko‘magini ko‘rsatish.

3.1.4. Mahsulotlar aylanmasi ishtirokchisiga O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda va cheklovlarni inobatga olgan holda "ASL BELGISI" MATda ro‘yxatdan o‘tkazilgan axborot va ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini taqdim etish.

3.1.5. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan belgilangan tarkibdagi "ASL BELGISI" MATda mavjud bo‘lgan ommaviy ma’lumotlarni Operatorning Shaxsiy kabinetida va (yoki) Internet tarmog‘idagi veb-saytida joylashtirish.

3.1.6. O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq Ishtirokchining "ASL BELGISI" MATga kirishini cheklash yoki to‘xtatish.

3.2. Operator quyidagi huquqlarga ega:

3.2.1. Reglament va texnologik ishlarni amalga oshirish davrida, shuningdek "ASL BELGISI" MATning odatiy ishlashidagi uzilishlar va nosozliklarni bartaraf etish ishlari olib borilayotganda, "ASL BELGISI" MATning Shaxsiy kabineti va dasturiy ilovalaridan (dasturiy o‘zaro aloqa interfeyslaridan) foydalanishni cheklash.

3.2.2. Shartnoma shartlari buzilganda va (yoki) Shaxsiy kabinet hamda "ASL BELGISI" MATning ishlashiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi harakatlar aniqlanganda, Mahsulot aylanmasi ishtirokchisi va (yoki) uning foydalanuvchilarining "ASL BELGISI" MATning Shaxsiy kabinetiga va dasturiy ilovalariga (dasturiy o‘zaro ta’sir interfeyslariga) kirishini bir tomonlama tartibda to‘xtatib qo‘yish.

3.3. Mahsulotlar aylanmasi ishtirokchisi quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi:

3.3.1. Shartnomada belgilangan talablar va shartlarga rioya etish.

3.3.2. "ASL BELGISI" MATda ro‘yxatdan o‘tish va Shaxsiy kabinetga kirish uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan ro‘yxat va talablarga muvofiq ma’lumotlarni Operatorga taqdim etish.

3.3.3. O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlarida nazarda tutilgan ma’lumotlarni, shu jumladan raqamli identifikatsiya vositalari bilan majburiy markirovka qilinishi lozim bo‘lgan mahsulotlarni markirovkalash, muomalaga kiritish, ularning aylanishi va (yoki) muomaladan chiqarilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni "ASL BELGISI" MATga kiritish.

3.3.4. "ASL BELGISI" MATda o‘zi tomonidan ro‘yxatga olinadigan ma’lumotlarning to‘liqligi, ishonchliligi, dolzarbligi va o‘z vaqtida kiritilishini ta’minlash.

3.3.5. Shaxsiy kabinetga uchinchi shaxslarning kirishiga, shu jumladan Mahsulotlar aylanmasi ishtirokchisining va (yoki) uning foydalanuvchilarining elektron raqamli imzosidan foydalangan holda kirishiga yo‘l qo‘ymaslik.

3.3.6. "ASL BELGISI" MATning ishlamasligi sababli ma’lumotlarni tizimga kiritish imkoniyati yo‘qligi to‘g‘risida Operatorni zudlik bilan, biroq bunday holat aniqlangan paytdan boshlab 3 soatdan kechiktirmay xabardor qilish.

3.3.7. "ASL BELGISI" ATning odatdagi ishlashiga xalal berishi yoki to‘xtab qolishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatlardan tiyilish, shuningdek, Shaxsiy kabinetdan Shartnomada ko‘zda tutilmagan maqsadlarda foydalanmaslik.

3.3.8. Shartnomaning 3.5-bandida nazarda tutilgan foydalanuvchilarning roziligini olish.

4. Boshqa qoidalar

4.1. Tomonlarning har biri mustaqil ravishda va o‘z hisobidan Shartnoma bo‘yicha axborot-texnologik hamkorlikda qo‘llaniladigan dasturiy-apparat komplekslari va axborot tizimlarining xavfsizligini ta’minlaydi. Shuningdek, ushbu komplekslar va tizimlarning ishlashidagi uzilishlar hamda ularga uchinchi shaxslarning noqonuniy kirishi bilan bog‘liq xatarlarni mustaqil ravishda o‘z zimmasiga oladi.

4.2. Operator O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan talablar va cheklovlarni inobatga olgan holda "ASL BELGISI" MATda mavjud bo‘lgan, raqamli identifikatsiya vositalari bilan majburiy markirovka qilinishi lozim bo‘lgan mahsulotlar aylanmasi haqidagi ma’lumotlarni to‘playdi, qayta ishlaydi, saqlaydi va ulardan foydalanadi.

4.3. Mahsulot aylanmasi ishtirokchisi Shaxsiy kabinetga kirishni uchinchi shaxslarga (bundan buyon Foydalanuvchilar deb yuritiladi) taqdim etishga haqli. Operator bunday Foydalanuvchilarga Shaxsiy kabinetga kirish imkoniyatini, shu jumladan "ASL BELGISI" MATda ushbu Mahsulot aylanmasi ishtirokchisiga tegishli barcha yoki qisman ma’lumotlarga oldindan shaxssizlantirmasdan kirish huquqini beradi. Bunda Mahsulotlar aylanmasi ishtirokchisi:

4.3.1. "ASL BELGISI" MATda ro‘yxatga olingan, Mahsulot aylanmasi ishtirokchisiga tegishli ma’lumotlarni Foydalanuvchilarga oshkor etish uchun zarur bo‘lgan barcha kelishuvlar, ruxsatnomalar va tasdiqlashlar olinganligini kafolatlaydi.

4.3.2. Foydalanuvchilarning (bundan keyin shaxsiy ma’lumotlar subyekti deb yuritiladi) shaxsiy ma’lumotlarini qabul qilish, saqlash, qayta ishlash va boshqa harakatlarni bajarish uchun, shu jumladan Operator qabul qiladigan hujjatlarda mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan avtomatlashtirish vositalaridan foydalangan holda, yozma roziligi olinganligini tasdiqlaydi.

4.3.3. Foydalanuvchilarga Shaxsiy kabinetga kirish huquqini berishning barcha oqibatlari uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi, shu jumladan Foydalanuvchilar tomonidan Shaxsiy kabinet va "ASL BELGISI" MATning dasturiy ilovalaridan (dasturiy o‘zaro ta’sir interfeyslaridan) foydalangan holda amalga oshirilgan barcha harakatlar uchun javobgarlikni ham.

4.4. Mahsulotlar aylanmasi ishtirokchisi shaxsiy ma’lumotlar subyektlariga O‘zbekiston Respublikasining shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan axborotni taqdim etganligini tasdiqlaydi.

4.5. "ASL BELGISI" MATda Mahsulotlar aylanmasi ishtirokchisining va (yoki) uning vakillarining (foydalanuvchilarining) elektron raqamli imzosi qo‘llanilgan holda bajarilgan harakatlar Mahsulotlar aylanmasi ishtirokchisi tomonidan amalga oshirilgan hisoblanadi.

5. Tomonlarning javobgarligi

5.1. Shartnomada belgilangan majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va Shartnomaga muvofiq javobgar bo‘ladilar.

5.2. Shaxsiy kabinet mahsulot aylanmasi ishtirokchisiga "bor holida" taqdim etiladi. Operator "ASL BELGISI" MATning Shaxsiy kabineti va dasturiy ilovalarining (dasturiy o‘zaro ta’sir interfeyslarining) funksionalligi Mahsulot aylanmasi ishtirokchisining aniq maqsadlari va kutilmalariga mos kelmasligi uchun javobgar bo‘lmaydi.

5.3. Operator mahsulot aylanmasi ishtirokchisi oldida faqat asosli e’tirozlar predmeti bo‘lgan haqiqiy zarar uchun, Operatorning aybli harakatlari mavjud bo‘lgan taqdirdagina, javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi.

5.4. Operator Mahsulotlar aylanmasi ishtirokchisi oldida quyidagilar uchun javobgar bo‘lmaydi:

5.4.1. Operator javobgar bo‘lmagan holatlar tufayli "ASL BELGISI" MATning ishlamasligi, shu jumladan uchinchi shaxslar tomonidan ta’minlanadigan, yetkazib beriladigan, foydalaniladigan va (yoki) xizmat ko‘rsatiladigan asbob-uskunalar, elektr energiyasi ta’minoti tizimlari va (yoki) aloqa liniyalari yoki tarmoqlari ishidagi nosozliklar bilan bog‘liq avariya, ularning ortiqcha yuklanishi, uzilishlar yoki xizmat ko‘rsatishdagi to‘xtashlar sababli telekommunikatsiya aloqa kanallaridan foydalanish imkoniyati yo‘qligi.

5.4.2. Operator tomonidan reglament va texnologik ishlar uchun tanaffuslar, shuningdek, "ASL BELGISI" MATning normal ishlashidagi uzilishlar yoki nosozliklarni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan ishlar uchun tanaffuslar o‘tkazilishi, agar bunda Operator shartnomada nazarda tutilgan tartibda bunday ishlarni o‘tkazish to‘g‘risida xabarnomani joylashtirgan bo‘lsa.

5.4.3. Operatorning mahsulotlar aylanmasi ishtirokchisi oldidagi javobgarligi, mahsulotlar aylanmasi ishtirokchisi O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlarida belgilangan majburiyatlarni oqilona va halol tarzda bajargan taqdirda yuzaga keladi. Bu majburiyatlar "ASL BELGISI" MATga taqdim etilishi lozim bo‘lgan axborotning tarkibi, shakli va muddatlariga oid talablarni o‘z ichiga oladi.

5.5. Mahsulot aylanmasi ishtirokchisi "ASL BELGISI" MATga o‘zi kiritgan ma’lumotlarning ishonchliligi, dolzarbligi, to‘liqligi va o‘z vaqtida taqdim etilganligi uchun javobgardir.

5.6. Ishtirokchi "ASL BELGISI" MATda mahsulotlar aylanmasi ishtirokchisining va (yoki) uning vakillarining (foydalanuvchilarining) elektron raqamli imzosidan foydalangan holda amalga oshirilgan barcha harakatlar uchun to‘liq javobgardir. Bu elektron raqamli imzodan foydalanish ustidan nazoratni yo‘qotish bilan bog‘liq salbiy oqibatlar xavfini ham o‘z ichiga oladi.

6. Yengib bo‘lmaydigan kuchlar (fors-major) holatlari

6.1. Shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan tomon, agar zarur darajada bajarish yengib bo‘lmas kuch tufayli imkonsiz bo‘lganligini isbotlay olmasa, javobgar hisoblanadi.

6.2. Yengib bo‘lmaydigan kuchlar (fors-major) holatlari mavjudligining tasdig‘i vakolatli organlar yoki vakolatli tashkilotlarning yozma guvohnomasi hisoblanadi.

6.3. Yengib bo‘lmaydigan kuchlar (fors-major) holatlari tufayli o‘z majburiyatlarini bajara olmagan Tomon, bunday holatlar yuzaga kelgani va ularning Shartnoma bajarilishiga ta’siri haqida boshqa Tomonni 3 ish kuni ichida yozma ravishda xabardor qilishi shart.

7. Nizolarni hal etish

7.1. Shartnomani tuzish, talqin qilish, bajarish va bekor qilish bilan bog‘liq barcha nizolar Tomonlar o‘rtasida muzokara yo‘li bilan hal etiladi.

7.2. Muzokaralar bir Tomon tomonidan boshqa Tomonga yozma so‘rov yuborish orqali boshlanadi. Tomonlar muzokaralar o‘tkazish to‘g‘risidagi yozma so‘rovni olgandan so‘ng 5 ish kuni ichida muzokara o‘tkaziladigan sana va joyni kelishib olishlari lozim.

7.3. Belgilangan muddat ichida muzokara o‘tkazish sanasi va joyi bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, Tomonlarning vakolatli vakillari yozma so‘rov yuborilgan kundan boshlab 14 kalendar kundan kechiktirmay Operator joylashgan manzilda uchrashishlari kerak.

7.4. Muzokaralar davomida Tomonlar nizoni tinch yo‘l bilan hal etish uchun barcha sa’y-harakatlarni vijdonan amalga oshirish majburiyatini oladilar. Muzokara yakunida Tomonlar uchrashuv bayonnomasini tuzadilar. Unda muzokara o‘tkazilgan sana, vaqt va joy, har bir Tomonning ishtirok etgan vakillari, kun tartibi hamda erishilgan natijalar haqidagi ma’lumotlar aks ettiriladi.

7.5. Muzokaralar davomida kelishuvga erishilmagan taqdirda, manfaatdor Tomon yozma shaklda e’tiroznoma yuboradi. E’tiroznomaga manfaatdor Tomon tomonidan qo‘yilgan talablarni asoslovchi hujjatlar, shu jumladan yetkazilgan zarar miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar, shuningdek e’tiroznomani imzolagan shaxsning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi shart.

7.6. Tomonlarning kelishmovchiliklarini sudgacha hal qilish doirasida, Tomonlardan biri e’tiroz xatini (e’tiroznomani) olgan kundan boshlab 30 ish kuni ichida hal qilish imkoni bo‘lmagan taqdirda, ular O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq Toshkent shahar tumanlararo iqtisodiy sudida ko‘rib chiqilishi lozim.

8. Axborot va texnik ko‘mak shartlari

8.1..Shaxsiy kabinet va "ASL BELGISI" MAT axborot xizmatlaridan foydalanuvchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha Operatorning texnik qo’llab-quvvatlash xizmatiga quyidagi aloqa kanallari orqali murojaat qilish mumkin:

8.1.1. elektron pochta orqali: support@crpt-turon.uz;

8.1.2. telegram-bot orqali: https://t.me/CRPT_Turon_Bot;

8.1.3 telefon orqali: +998 (71) 203-88-72

9. Yakuniy qoidalar

9.1.Shartnoma tuzilgan paytdan boshlab 1 (bir) yil davomida amal qiladi. Shartnomaning amal qilish muddati tugagandan so‘ng, agar Tomonlar uning bekor qilinishi to‘g‘risida amal qilish muddati tugashidan kamida 30 (o‘ttiz) kalendar kun oldin bir-birlarini xabardor qilmasalar, u avtomatik ravishda har bir keyingi yilga uzaytiriladi.

9.2. Ishtirokchi Shartnomani bekor qilish sanasidan kamida 30 kalendar kun oldin Operatorni xabardor qilgan holda bir tomonlama sud tartibidan tashqari Shartnomadan voz kechishga haqlidir.

9.3. Tomonlarning har biri boshqa Tomonni Shartnoma tuzish va unda belgilangan barcha majburiyatlarni bajarish uchun to‘liq huquqiy layoqatga ega ekanligiga, shu jumladan qo‘llaniladigan qonunchilik, ta’sis va ichki hujjatlarga muvofiq olinishi zarur bo‘lgan barcha roziliklar, tasdiqlashlar va ruxsatnomalarni olganligiga kafolat beradi.

9.4. Shartnoma bilan tartibga solinmagan masalalar bo‘yicha Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga amal qiladilar.

9.5. Ommaviy oferta (shartnoma) rus, o‘zbek va ingliz tillarida tuzilgan. Turli tillardagi matnlar o‘rtasida tafovut bo‘lgan taqdirda, rus tilidagi matn ustunlikka ega bo‘ladi.

10. Operator haqida ma’lumot

Nomi: "CRPT TURON" mas’uliyati cheklangan jamiyati

Manzil: 100011, O‘zbekiston, Toshkent shahri, A. Qodiriy ko‘chasi, 78-uy

STIR: 306535627

H/r: 20208000005108244001

Bank: "Kapitalbank" ATB Mirzo Ulug‘bek filiali

Bank kodi: 01018

Tel.: +998-71-203-88-72

Elektron pochta manzili (e-mail): info@crpt-turon.uz

Internet sayti: https://crpt-turon.uz

Bu maqola foydali bo’ldimi?
Ushbu material foydali deb hisoblaydiganlar uchun: 13 из 13

Sharhlar

0 shathlar

sharhsiz qoldirish uchu tizimga kirish