Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-apreldagi 148-sonli "Maishiy texnika mahsulotlarini majburiy raqamli markalash tizimini joriy etish to'g'risida"gi qaroriga muvofiq, maishiy texnikaning ayrim turlariga nisbatan identifikatsiya vositalari yordamida majburiy raqamli markalash joriy etildi. Bu degani, maishiy texnikaning tegishli turlarini ishlab chiqarish, olib kirish (import), muomalasi va sotilishi ularning to'g'ri markalanishi hamda tovarga (qadoqqa) Data Matrix kodlari ko'rinishidagi raqamli identifikatsiya vositasi tushirilishi sharti bilan amalga oshiriladi.
**Jismoniy shaxslar tomonidan maishiy texnikani olib kirish tartibi:**
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 19-apreldagi 244-sonli "Tovarlarning ayrim turlarini bojxona chegarasi orqali olib o'tish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qaroriga muvofiq, jismoniy shaxslar uchun O'zbekiston Respublikasi hududiga tovarlarni bojsiz olib kirishning quyidagi normalari belgilangan:
1 000 (bir ming) AQSh dollarigacha — bojxona chegarasini O'zbekiston Respublikasining xalqaro aeroportlari orqali kesib o'tishda;
500 (besh yuz) AQSh dollarigacha — bojxona chegarasini O'zbekiston Respublikasi Davlat chegarasining temir yo'l va daryo o'tkazish punktlari orqali kesib o'tishda;
300 (uch yuz) AQSh dollarigacha — bojxona chegarasini O'zbekiston Respublikasi Davlat chegarasining avtomobil yo'li (piyodalar uchun) o'tkazish punktlari orqali kesib o'tishda;
Bir kalendar chorak davomida 200 (ikki yuz) AQSh dollarigacha — jismoniy shaxs nomiga xalqaro kuryerlik jo'natmalarida keladigan tovarlar uchun;
100 (yuz) AQSh dollarigacha — jismoniy shaxs nomiga xalqaro pochta jo'natmalarida keladigan tovarlar uchun.
Jismoniy shaxs tomonidan bojxona chegarasini kesib o'tishda yuqorida ko'rsatilgan normalar doirasida shaxsiy ehtiyojlari uchun tovarlarni olib kirish, xalqaro pochta va kuryerlik jo'natmalari, shuningdek tadbirkorlik faoliyati uchun mo'ljallangan olib kiriladigan tovarlar bundan mustasno, ularni majburiy yozma deklaratsiya qilmasdan amalga oshiriladi.
Jismoniy shaxslar tomonidan tadbirkorlik faoliyati uchun tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib kirishda olib kiriladigan tovarlarning butun summasiga nisbatan qonunchilikda belgilangan umumiy bojxona rasmiylashtiruv qoidalari qo'llaniladi.
Shuningdek, jismoniy shaxslar tomonidan O'zbekiston Respublikasi Davlat chegarasining avtomobil yo'li (piyodalar uchun), temir yo'l va daryo o'tkazish punktlari orqali shaxsiy ehtiyojlari uchun olib kiriladigan, bojxona to'lovlari bilan soliqqa tortilmaydigan ayrim tovarlarning miqdoriy normalari* belgilangan:
№ | Tovar nomi | Miqdori | Davriyligi |
1. | Muzlatgich | 1 dona. | 6 kalendar oy |
2. | Muzlatkich | 1 dona. | 6 kalendar oy |
3. | Konditsioner | 1 dona. | 6 kalendar oy |
4. | Kir yuvish mashinasi | 1 dona. | 6 kalendar oy |
5. | Changyutgich | 1 dona. | 6 kalendar oy |
6. | Gaz plitasi | 1 dona. | 6 kalendar oy |
7. | Elektr plitasi | 1 dona. | 6 kalendar oy |
8. | Televizor | 1 dona. | 6 kalendar oy |
9. | Mikroto'lqinli pech | 1 dona. | 6 kalendar oy |
10. | Duxovka pechi | 1 dona. | 6 kalendar oy |
11. | Elektr go'sht maydalagich | 1 dona. | 6 kalendar oy |
12. | Dazmol | 1 dona. | 6 kalendar oy |
13. | Fen | 1 dona. | 6 kalendar oy |
14. | Oshxona kombayni | 1 dona. | 6 kalendar oy |
15. | Telefon apparati, shu jumladan qo'l telefoni | 1 dona. | 6 kalendar oy |
16. | Kompyuter texnikasi | 1 dona. | 6 kalendar oy |
17. | Printer va ko'p funksiyali ofis qurilmasi | 1 dona. | 6 kalendar oy |
18. | Planshet kompyuter | 1 dona. | 6 kalendar oy |
19. | Noutbuk | 1 dona. | 6 kalendar oy |
20. | Stol idishlari | 1 komplekt | 6 kalendar oy |
21. | Boshqa tovarlar** | Har bir nomdan 2 kg (bo'linmas tovarlar bundan mustasno), lekin umumiy og'irligi 10 kg dan oshmasligi kerak | 1 kalendar oy |
* Ushbu tovarlarning qiymati O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-fevraldagi PQ-3512-sonli "Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o'tish tartibini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori bilan belgilangan, jismoniy shaxs tomonidan O'zbekiston Respublikasi Davlat chegarasining avtomobil yo'li (piyodalar uchun), temir yo'l va daryo o'tkazish punktlari orqali respublikaga olib kiriladigan, bojxona to'lovlari bilan soliqqa tortilmaydigan tovarlarni olib kirishning chegaraviy normalariga kiritiladi. Tovarlarni bojxona to'lovlarini to'lamasdan olib kirish miqdoriy normalari faqat jismoniy shaxs belgilangan davrda O'zbekiston Respublikasi Davlat chegarasining o'tkazish punktini birinchi marta kesib o'tishida qo'llaniladi. O'zbekiston Respublikasi Davlat chegarasining o'tkazish punktini kesib o'tish faktini aniqlash uchun asos bo'lib, bojxona organiga taqdim etiladigan jismoniy shaxs pasportida chegara xizmati organlari tomonidan qo'yilgan belgi hisoblanadi. ** Ushbu toifaga O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-fevraldagi PQ-3512-sonli qaroriga 1-ilova bilan belgilangan tovarlar kirmaydi. Yuqorida ko'rsatilgan har qanday tovarni belgilangan normalardan va/yoki davriylikdan oshiq olib kirishda belgilangan tartibda bojxona to'lovlari undiriladi. | |||
Sharhlar
sharhsiz qoldirish uchu tizimga kirish