Ushbu maqolada mobil ilova «SOLIQ» yordamida belgilangan tovarlar qoldiqlarini inventarizatsiya qilish jarayoni tasvirlangan.
Mundarija:
- Inventarizatsiya va uni o'tkazish tamoyillari
- Qaysi belgilash kodlarini skanerlash kerak
- Inventarizatsiyani o'tkazish bo'yicha ketma-ket qadamlar
- Ko'p beriladigan savollar
1. Inventarizatsiya va uni o'tkazish tamoyillari
Tovar qoldiqlarini inventarizatsiya qilish — tovar muomalasining muayyan ishtirokchisi tasarrufidagi (omborda, do'konda va boshqa saqlash joylarida) belgilangan tovarlarning faktik mavjudligini tasdiqlash va ularni Soliq qo'mitasining axborot resurslarida hamda «ASL BELGISI» milliy axborot tizimida mavjud ma'lumotlar bilan solishtirish tartibidir.
Inventarizatsiyaning asosiy vazifasi — belgilangan tovarlar to'g'risidagi ma'lumotlarni yangilash, ularning faktik holatini, hozirgi egasini va boshqa parametrlarini aniqlashtirish, hamda «ASL BELGISI» milliy axborot tizimida mavjud belgilangan tovarlar (belgilash kodlari) haqidagi ma'lumotlarni keyinchalik tuzatishdan iborat.
Inventarizatsiya o'tkaziladi:
- tadbirkorlik subyektlari tomonidan mustaqil ravishda va har bir tovar guruhi bo'yicha alohida (agar tadbirkorlik subyekti bir nechta tovar guruhlari bilan ishlasa, har bir tovar guruhi Soliq qo'mitasi belgilagan davrda alohida inventarizatsiyadan o'tkaziladi);
- belgilash kodlari bo'yicha identifikatsiya vositalarini (Data Matrix kodlarini) «SOLIQ» mobil ilovasi orqali skanerlash yoki soliq to'lovchining shaxsiy kabineti orqali inventarizatsiya qaydnomasi (faktik qoldiqlardagi identifikatsiya kodlari ro'yxati bilan fayl) taqdim etish yo'li bilan.
Inventarizatsiya o'tkazishda:
- faqat haqiqiy belgilash kodlari hisobga olinadi (ya'ni ishlab chiqaruvchilar/importyorlar tomonidan «ASL BELGISI» milliy axborot tizimida olingan yoki boshqa mamlakatlar belgilash kodlarini tan olish tartiblari doirasida «ASL BELGISI» milliy axborot tizimida ro'yxatdan o'tkazilgan belgilash kodlari);
- ishlab chiqaruvchi/importyor tomonidan faollashtirilmagan (ya'ni mahsulotni belgilash to'g'risidagi hisobot ro'yxatdan o'tkazilmasdan) yoki muomaladan chiqarilgan (yakuniy iste'molchiga sotilgan yoki hisobdan chiqarilgan) belgilash kodlari hisobga olinmaydi;
- agregatsiya kodlari (guruhli qadoqlash, quti, pallet) barcha ichiga joylashtirilgan belgilash kodlari bilan birga hisobga olinadi (ichiga joylashtirilgan kodlar ro'yxati ishlab chiqaruvchi/importyor tomonidan «ASL BELGISI» milliy axborot tizimida ro'yxatdan o'tkazilgan ma'lumotlar asosida aniqlanadi).
Inventarizatsiya natijalari:
- tadbirkorlik subyektlari tomonidan soliq to'lovchining shaxsiy kabineti orqali taqdim etiladi (tasdiqlanadi);
- inventarizatsiya natijalarini «ASL BELGISI» milliy axborot tizimi operatoriga topshirish taqiqlanadi.
Belgilangan tovarlar (belgilash kodlari) to'g'risidagi ma'lumotlarni tuzatish (o'zgartirish) amalga oshiriladi:
- faqat «ASL BELGISI» milliy axborot tizimida ro'yxatdan o'tgan tadbirkorlik subyektlari uchun;
- inventarizatsiya natijalari Soliq qo'mitasi tomonidan taqdim etilishi (tasdiqlanishi) bilan yoki Soliq qo'mitasi belgilagan inventarizatsiya davri tugagandan so'ng.
2. Qaysi belgilash kodlarini skanerlash kerak
Inventarizatsiya (skanerlash) amalga oshiriladi:
inventarizatsiya boshlanish sanasi va vaqtida tadbirkorlik subyekti egasi hisoblangan barcha belgilangan tovarlar uchun, shu jumladan tadbirkorlik subyekti tasarrufidagi tovarlar va hali tadbirkorlik subyektiga yetkazib berilmagan, lekin yetkazib beruvchi tomonidan ularni jo'natish bo'yicha hisob-faktura qo'yilgan tovarlar uchun.
Inventarizatsiya (skanerlash) talab etilmaydi:
- inventarizatsiya boshlanish sanasi va vaqtida tadbirkorlik subyekti egasi hisoblanmagan tovarlar uchun, shu jumladan tadbirkorlik subyektining omborida faktik saqlanayotgan, lekin boshqa tadbirkorlik subyektiga yetkazib berish (sotish) bo'yicha hisob-faktura qo'yilgan tovarlar uchun;
- inventarizatsiya boshlanish sanasi va vaqtida hali bojxona rasmiylashtiruv tartib-taomilidan o'tmagan import tovarlar uchun (ya'ni O'zbekiston Respublikasining bojxona hududiga hali kelmagan va bojxona nazorati ostidagi tovarlar uchun);
- inventarizatsiya boshlanish sanasi va vaqtidan keyin belgilangan mahalliy ishlab chiqarish tovarlar uchun (belgilash sanasi va vaqti «ASL BELGISI» milliy belgilash tizimida tegishli javoblarni ro'yxatdan o'tkazish sanasi va vaqti bo'yicha aniqlanadi).
3. Inventarizatsiyani o'tkazish bo'yicha ketma-ket qadamlar
1-qadam. Inventarizatsiya jarayonini boshlash
Inventarizatsiyani o'tkazish uchun:
- my3.soliq.uz portalida soliq to'lovchining Shaxsiy kabinetiga kiring;
- «Xizmatlar» bo'limiga, «Raqamli belgilash bilan mahsulot muomalasi tizimi» kichik bo'limiga o'ting;
- «Inventarizatsiya» oynasida «Inventarizatsiya yaratish» tugmasini bosing.
Ochilgan shaklda barcha zarur ma'lumotlarni to'ldiring, shu jumladan:
- inventarizatsiya raqami (avtomatik to'ldiriladi);
- inventarizatsiya davri (avtomatik to'ldiriladi);
- ombor shartli nomi (agar bir nechta omboringiz bo'lsa, «Ombor qo'shish» tugmasi yordamida ularni qo'shing);
- moddiy mas'ul shaxsning JShShIR (FIO avtomatik to'ldiriladi);
- inventarizatsiyani o'tkazadigan xodimning JShShIR (agar inventarizatsiyani bir nechta xodim o'tkazsa, zarur xodimlarning JShShIRini «+» tugmasi orqali ko'rsating).
Barcha majburiy maydonlarni to'ldirgandan so'ng «Yaratish» tugmasini bosing.
Inventarizatsiya shaklida ko'rsatilgan xodimlar SOLIQ mobil ilovasidagi «Belgilash inventarizatsiyasidan o'tish» bo'limiga kirish huquqiga ega bo'ladilar.
⚠️ Ushbu bosqichdagi mumkin bo'lgan xatolar:
noto'g'ri yoki mavjud bo'lmagan JShShIR kiritilgan;
- tashkilotingiz bilan rasmiy mehnat munosabatlarida bo'lmagan shaxsning JShShIR kiritilgan;
- ko'rsatilgan JShShIRga ega xodim SOLIQ mobil ilovasini o'rnatmagan yoki SOLIQ mobil ilovasida identifikatsiyadan (avtorizatsiyadan) o'tmagan.
2-qadam. Mas'ul xodim tomonidan inventarizatsiyani o'tkazish
Tovar qoldiqlarini inventarizatsiya qilish (ya'ni belgilash kodlarini skanerlash) «SOLIQ» mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi. Ilovaning tegishli funksionali Android va iOS asosidagi mobil qurilmalar uchun qo'llab-quvvatlanadi.
«Belgilash inventarizatsiyasidan o'tish» bo'limi quyidagi shartlar bajarilganda mavjud bo'ladi:
- mutaxassis to'liq identifikatsiya tartib-taomilidan o'tgan va shaxsini tasdiqlagan;
- mutaxassis inventarizatsiyani o'tkazish uchun mas'ul xodimlar ro'yxatiga kiritilgan (1-qadam ga qarang).
SOLIQ mobil ilovasida inventarizatsiyani boshlash uchun quyidagilar zarur:
- «Belgilash kodlarini hisobga olish» bo'limiga, «Belgilangan tovarlarni inventarizatsiya qilish» kichik bo'limiga o'ting;
- zarur omborni tanlang;
- «Inventarizatsiyani boshlash» tugmasini va «Skanerlash» tugmasini bosing;
- belgilangan mahsulotlardagi raqamli belgilash kodlarini navbatma-navbat skanerlang;
- zarur bo'lganda telefonга tashqi 2D-skaner ulanishi mumkin.
Skanerlash:
- inventarizatsiya jarayonida faqat raqamli belgilash kodlari (Data Matrix kodlari) skanerlanishi shart;
- yopiq tara (guruhli qadoqlash) mavjud bo'lganda vaqtni tejash maqsadida faqat agregatsiya kodini skanerlash yetarli;
- skanerlash bir nechta xodim tomonidan amalga oshirilayotgan bo'lsa, takroriy skanerlash va boshqa kutilmagan holatlarga yo'l qo'ymaslik uchun mahsulotlarni ular o'rtasida (saqlash joyi, mahsulot turi yoki boshqa mezonlar bo'yicha) taqsimlash tavsiya etiladi;
- xodim tomonidan xatо ravishda hisobga olinmasligi kerak bo'lgan tovar (muddati o'tgan, nuqsonli yoki boshqa sotib bo'lmaydigan mahsulot) skanerlab qo'yilsa, tegishli kod «Xatо kiritilgan mahsulot» funksionali yordamida o'chirilishi mumkin.
Mahsulotni muvaffaqiyatli skanerlashning bosqichma-bosqich tartibi:
- xodim SOLIQ mobil ilovasini ishga tushiradi;
- «Xizmatlar» menyusiga o'tadi;
- «Belgilash kodlarini hisobga olish» bo'limini ochadi;
- «Belgilangan tovarlarni inventarizatsiya qilish» funksiyasini tanlaydi;
- inventarizatsiya uchun omborni tanlaydi;
- «Boshlash» tugmasini bosadi;
- oyna ochiladi va «Skanerlash» tugmasi bosiladi;
- skaner belgilash kodiga (DataMatrix) yo'naltiriladi va tovar skanerlanadi.
Kodni muvaffaqiyatli tekshirish natijasida ekranda «Mahsulot ro'yxatga qo'shildi» xabari paydo bo'ladi, skanerlangan tovar esa tizimda inventarizatsiyadan o'tgan sifatida ro'yxatga olinadi.
«Yakunlash» tugmasini faqat bir marta bosish zarur va faqat quyidagilar tugagandan keyin:
- barcha tovarlar;
- barcha xodimlar tomonidan;
- barcha omborlarda skanerlash tugallangandan so'ng..
Barcha omborlarda barcha xodimlar tomonidan barcha tovarlarni skanerlash tugallangandan so'ng «Yakunlash» tugmasini bosish zarur.
⚠️ Ushbu bosqichdagi mumkin bo'lgan xatolar:
- SOLIQ ilovasida mas'ul xodim sifatida belgilanmagan shaxsning profili ishlatilmoqda.
- Inventarizatsiya o'tkazishda barqaror internet ulanishi yo'q.
- Belgilash kodi (DataMatrix) emas, boshqa kod skanerlanayotgan yoki mobil ilova uni belgilash kodi sifatida aniqlamayapti.
- Ma'lumotlari tizimda mavjud bo'lmagan kod skanerlanayotganda «Noma'lum kod turi» xatosi chiqadi.
- Kodni takroran skanerlashda tizim «Bu kod allaqachon ro'yxatga olingan» ogohlantirishini beradi..
3-qadam. Inventarizatsiyani yopish va natijalarni tasdiqlash
Inventarizatsiya yakunlangandan so'ng my3.soliq.uz portalida soliq to'lovchining Shaxsiy kabinetiga kirib, raqamli belgilangan tovarlar muomalasi tizimining «Inventarizatsiya» bo'limiga o'tish va inventarizatsiya natijalarini tekshirish zarur.
Olingan natijalar bilan rozi bo'lganda «Inventarizatsiya natijalarini tasdiqlash» tugmasini bosish zarur.
Tasdiqlash jarayonida ariza topshirish oynasi ochiladi, unda quyidagi amallar bajariladi:
Tovar turini tanlash
Inventarizatsiya o'tkazilgan tovar guruhini ko'rsatish zarur.Inventarizatsiya o'tkazish sababini tanlash
Inventarizatsiya natijalariga qarab quyidagi sabablardan biri tanlanadi:
- «Tovarni hisobdan chiqarish» — inventarizatsiya davomida tizimda qoldiq sifatida ro'yxatga olingan tovarlar qisman topilgan bo'lsa;
- «Boshqa subyekt mahsulotini hisobga olish» — belgilash kodi boshqa subyekt balansida turibdi, lekin tovar amalda omborda mavjud bo'lsa;
- «Tovar mavjud emas» — tizimda qoldiqlar ko'rsatilayotgan bo'lsa-da, tovar amalda omborda bo'lmasa.
Ariza har bir sabab bo'yicha alohida shakllantiriladi. Bir nechta sabab mavjud bo'lsa, har bir sabab bo'yicha alohida ariza yaratiriladi (hozirda ko'rsatilgan funksionallar vaqtincha o'chirib qo'yilgan va inventarizatsiyani og'ish sababini ko'rsatmasdan o'tkazish mumkin).
Shundan so'ng ariza soliq inspektori tomonidan ko'rib chiqish uchun Soliq qo'mitasiga yo'naltiriladi. Tafovutlar aniqlangan taqdirda tushuntirish olish va tegishli choralar ko'rish uchun soliq inspektoriga murojaat etish lozim.
4. Ko'p beriladigan savollar
Savol 1. «Inventarizatsiya o'tkazishdan maqsad nima?»
Javob: Inventarizatsiya ombordagi belgilangan mahsulotlarning faktik qoldiqlarini aniqlash va «ASL BELGISI» MATidagi ma'lumotlarni aniqlashtirish (tuzatish) maqsadida o'tkaziladi.
Savol 2. «Joriy inventarizatsiya tugagandan so'ng yangi inventarizatsiya jarayonini yaratish mumkinmi?»
Javob: Inventarizatsiyani tasdiqlashga yuborishdan avval yangi inventarizatsiyalar yaratishga ruxsat etiladi. Ma'lumotlar tasdiqlashga yuborilgandan so'ng yangi inventarizatsiyalar yaratish imkoniyati cheklanadi.
Savol 3. «Qaysi tovarlarni inventarizatsiyadan o'tkazish kerak?»
Javob: Inventarizatsiya faqat belgilangan tovarlar bo'yicha o'tkaziladi. Tovar guruhlari Soliq qo'mitasining qarorlari bilan belgilanadi.
Savol 4. «Inventarizatsiyani o'tkazayotgan xodimda mobil ilovada ma'lumotlar ko'rsatilmayapti. Buning sababi nima bo'lishi mumkin?»
Javob: JShShIRning to'g'riligini va SOLIQ ilovasidagi avtorizatsiya ma'lumotlariga mosligini tekshirish zarur.
Savol 5. «2025 yilda sotib olingan tovarlar bo'yicha inventarizatsiya o'tkazish zarurmи?»
Javob: Ha, inventarizatsiya tadbirkorlik subyekti balansidagi barcha tovarlar bo'yicha o'tkaziladi.
Savol 6. «Inventarizatsiya o'tkazish davrida tovarlarni sotish mumkinmi?»
Javob: Ha.
Savol 7. «Amalda omborda tovarlar bo'lmasa-da, tizimda qoldiqlar ko'rsatilsa nima qilish kerak?»
Javob: Inventarizatsiyani o'tkazish va natijalarni tasdiqlash zarur. Talab qilinmagan kodlar hisobdan chiqariladi.
Savol 8. «Spirtli ichimliklarni quyib sotishni qanday amalga oshirish kerak?»
Javob: Shaxsiy kabinet orqali ariza topshirish zarur. Batafsil ma'lumot uchun — ХTM ga murojaat qiling.
Savol 9. «Tovarni sotishda nima uchun belgilash kodi hisobdan chiqmayapti?»
Javob: Sozlamalarni tekshirish uchun ХTM yoki qo'llab-quvvatlash xizmatiga murojaat etish zarur.
Savol 10. «Inventarizatsiya o'tkazish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?»
Javob: Inventarizatsiya o'tkazilmagan taqdirda qoldiqlar nolga tenglashtiriladi.
Savol 11. «Inventarizatsiya o'tkazish muddatini qanday uzaytirish mumkin?»
Javob: «Inventarizatsiyalar ro'yxati» → «Harakatlar» bo'limi orqali.
Savol 12. «Inventarizatsiya davomida xatolar paydo bo'lmoqda. Ular nimani anglatadi?»
Javob: Mumkin bo'lgan xabarlar:
- «Bu tovar boshqa firmaning qoldiqlarida turibdi»
- «Bu tovar emissiya jarayonida»
- «Bu tovar soliq bazasida topilmadi»
Bu shuni anglatadiki, kod bo'yicha ma'lumotlar «ASL BELGISI» NATiga uzatilmagan.
Savol 13. «Inventarizatsiya o'tkazishda nima uchun skanerlangan tovarlar «Boshqa shaxsda ro'yxatga olingan kodlar soni» bo'limida ko'rsatilmoqda?»
Javob: Bu kod boshqa subyekt nomiga ro'yxatdan o'tganligini anglatadi. Inventarizatsiya yakunlangandan so'ng ma'lumotlar tuzatiladi.
Sharhlar
sharhsiz qoldirish uchu tizimga kirish